Juma, 20-July-2018, 22:08
Assalomu alaykum, hurmatli Guest |RSS   
ZIYO
Sayt menyulari
Fikr-mulohazalar
200
So'rovnoma
O'zbekistondagi qaysi partiya sizningcha eng xalqchil?
Jami javoblar: 104
Statistika

Onlayndagilar: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0
Ro'yxatdan o'tish

Main » 2012 » Fevral » 18 » Prezident Islom Karimovning “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va moder
19:34
Prezident Islom Karimovning “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va moder

 
 
 
Hurmatli konferensiya qatnashchilari, xonimlar va janoblar!
Siz, muhtaram konferensiya ishtirokchilarini, birinchi navbatda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki namoyandalari bo‘lgan aziz mehmonlarimizni, dunyoning turli qit’alaridagi 40 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan vakillarni qutlash va barchangizga o‘zimning chuqur hurmatimni va ushbu anjumanda qatnashayotganingiz uchun samimiy minnatdorligimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Bizning mintaqamizda iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga ulkan hissa qo‘shib kelayotgani uchun mazkur konferensiyani o‘tkazish tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda janoblariga alohida tashakkur izhor etmoqchiman.
O‘ylaymanki, konferensiya ishtirokchilari ushbu forumning bosh mavzusi, ya’ni ta’lim tizimini isloh etish masalalari – zamonaviy davlatning izchil va barqaror taraqqiyoti, avvalambor, uning iqtisodiy rivojlanishi yo‘lidagi muammolarni yechish bilan bevosita bog‘liq holda ko‘rilayotganiga e’tibor qaratgan bo‘lsalar kerak.
Sir emaski, bu mavzu biz boshimizdan kechirayotgan hozirgi kunlarda, dunyodagi deyarli mutlaq ko‘pchilik davlatlar 2008 yilda boshlangan, global miqyosdagi yangi retsessiya to‘lqinlarini keltirib chiqarish xavfini tug‘dirayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’siri ostida qolib kelayotgan bir paytda alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda, umumiy e’tirofga ko‘ra, XXI asr globallashuv va chegaralarning barham topish davri, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internet asri, jahon maydonida va dunyo bozorida tobora kuchayib borayotgan raqobat asriga aylanib borayotganini isbotlab berishga hojat yo‘q, albatta.
Bunday sharoitda inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiya va qo‘yilmalarning o‘sishini, hozirgi zamonda demokratik taraqqiyot, modernizatsiya va yangilanish borasida belgilangan maqsadlarga erishishda eng muhim qadriyat va hal qiluvchi kuch bo‘lgan bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash vazifasini doimo o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatoriga qo‘yadigan davlatgina o‘zini namoyon eta olishi mumkin.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Butun dunyoda ko‘zga ko‘ringan olim va mutaxassislar, jahondagi mashhur o‘quv yurtlari, nufuzli xalqaro tuzilmalarning rahbarlari va vakillari ishtirokida O‘zbekistonda shakllangan ta’lim tizimini isloh etish modeli va uni amalga oshirish bo‘yicha to‘plangan tajribaning muhokama qilinishi biz uchun yuksak sharafdir.
Avvalo shuni ta’kidlash zarurki, bundan 15 yil oldin qabul qilingan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi deb nom olgan Ta’lim sohasini isloh qilish dasturi mamlakatimizda yangi jamiyat qurishning bosqichma-bosqich va tadrijiy rivojlanish prinsipiga asoslangan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning biz tanlagan "o‘zbek modeli” – o‘z taraqqiyot yo‘limizning ajralmas tarkibiy qismidir.
Ushbu dastur jiddiy izlanish va tadqiqotlarning, jahondagi taraqqiy topgan ilg‘or mamlakatlar tajribasini umumlashtirishning natijasi sifatida o‘tmishda majburan singdirilgan kommunistik mafkuraning qolip va andozalaridan butunlay voz kechish, odamlarning, birinchi navbatda, unib-o‘sib kelayotgan avlodning ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, qisqacha aytganda, bu dastur hayotda o‘z fikriga, o‘zining qarashlari va qat’iy grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, har tomonlama yetuk va mustaqil fikrlaydigan shaxsni shakllantirishni maqsad qilib qo‘yadi.
Uzoq yillar davomida vujudga kelgan eski ta’lim tizimini tubdan qayta qurmasdan va isloh etmasdan turib bu maqsadga erishish aslo mumkin emas edi.
Agarki O‘zbekistonda aholining qariyb 35 foizini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 62 foizdan ziyodini esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu islohotlarning roli va ahamiyati o‘z-o‘zidan tushunarli va ravshan bo‘ladi.
Qabul qilingan dasturga muvofiq, mamlakatimizda 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi joriy etildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan modelning prinsipial xususiyati shundaki, umumta’lim maktabidagi 9 yillik o‘qishdan so‘ng o‘quvchilar keyingi 3 yil davomida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda tahsil olib, ularning har biri umumta’lim fanlari bilan birga mehnat bozorida talab qilinadigan 2-3 ta mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunarlarni ham egallaydi.
O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim barcha uchun majburiy ekani qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan. Yana bir bor ta’kidlayman – bu biz uchun prinsipial masala hisoblanadi. Ayniqsa, olis qishloq joylarda, to‘g‘risini aytganda, hamma ham 12 yil o‘qishni xohlamaydi. Bugungi kunda o‘sib kelayotgan yangi avlodimiz 12 yillik majburiy ta’lim olish bilan birga aniq mutaxassislik va kasb-hunarga ega bo‘lishi kerak. Bu, ayniqsa, qizlarimiz uchun muhimdir. Chunki yosh oilaning mustahkamligi avvalo qizlarning biror-bir mutaxassislikni egallab, hayotda o‘zining mustaqil fikri va o‘rniga ega bo‘lishi bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ham barcha zarur fanlar bo‘yicha umumiy bilim beradigan umumta’lim maktablarida 9 yil ta’lim olganidan keyin yoshlarimiz majburiy tarzda 2-3 ta zamonaviy mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunarlarga ega bo‘lishiga biz alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
O‘n ikki yillik majburiy ta’limdan so‘ng ularning har biri, o‘z xohishiga ko‘ra, bakalavr va magistr darajasini olish uchun oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirishi mumkin.
O‘tgan yillar mobaynida ta’lim tizimini tubdan yangilash va isloh etish bo‘yicha miqyosi va ko‘lamiga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirildi. Qariyb 9,5 ming yoki mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan maktablarning deyarli barchasi yangitdan qurildi, kapital rekonstruksiya qilindi va zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan ta’minlandi. O‘quv jarayonini sifat va metodik jihatdan butunlay yangilash bo‘yicha ulkan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Maktab ta’limi 7 ta tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillarida olib borilmoqda.
Mamlakatimizda 1500 dan ortiq yangi kasb-hunar kolleji va akademik litsey barpo etildi. Siz, konferensiya qatnashchilarining ko‘pchiligi ushbu bilim maskanlari bilan tanishar ekansiz, ular o‘z me’moriy qiyofasi va texnik ta’minotiga ko‘ra eng yaxshi oliy o‘quv yurtlaridan aslo qolishmasligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Kasb-hunar kollejlaridagi zamonaviy o‘quv-laboratoriya, kompyuter va ishlab chiqarish asbob-uskunalari o‘quvchilar uchun umumiy fanlar bo‘yicha nafaqat to‘liq bilimlar hajmini egallash, ayni vaqtda ushbu o‘quv yurtlaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini ham beradi.
Biz ta’lim tizimida o‘quvchilarning nafaqat keng bilim va professional ko‘nikmalarni egallashi, ayni paytda chet mamlakatlardagi tengdoshlari bilan faol muloqot qilish, bugungi dunyoda ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar, yangilik va o‘zgarishlardan atroflicha xabardor bo‘lish, jahondagi ulkan intellektual boylikni egallashning eng muhim sharti hisoblangan xorijiy tillarni ham chuqur o‘rganishlari uchun katta ahamiyat bermoqdamiz.
Hozirgi kunda yurtimizdagi barcha ta’lim, fan, madaniyat va ma’rifat muassasalari Ta’lim portali va internetga ulangan. Bu esa ta’lim jarayoniga masofadan turib o‘qitish usullarini, o‘quvchi yoshlar uchun axborot-kommunikatsiya xizmatlarining keng majmuini joriy etish imkonini bermoqda.
Ta’lim jarayonini isloh etish va mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy o‘quv yurtlari muhim o‘rin egallamoqda. O‘tgan davr mobaynida ularning soni ikki barobar ortdi va bugungi kunda mamlakatimizdagi 59 ta universitet va oliy o‘quv yurtida 230 mingdan ziyod talaba ta’lim olmoqda.
O‘zbekistonda Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti, Rossiya neft va gaz universiteti, Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiyot universiteti kabi yuksak xalqaro obro‘-e’tibor va chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etildi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu oliy o‘quv yurtlarida mashinasozlik, neft-gaz ishi, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi, moliyaviy menejment, tijorat huquqi kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda va ularning bitiruvchilari butun dunyoda tan olinadigan diplomlarga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti va Fanlar akademiyasi tomonidan Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurti – Kembrij universiteti bilan hamkorlikda 2012 yilda Yuksak texnologiyalar o‘quv-tajriba markazi tashkil etilmoqda. Markazning asosiy vazifasi – iqtidorli talabalar, aspirant va yosh olimlarni kimyo, fizika, biologiya, biokimyo, biofizika, geologiya va geodeziya sohalarida amaliy innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishning zamonaviy metodlariga o‘rgatishdan iborat. Markazni eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda, u yerda Kembrij universitetining olim va mutaxassislari konkret yo‘nalishdagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida yosh olimlarni tayyorlab boradi.
Shuni qayd etish joizki, aynan shu yo‘nalish, ya’ni qator akademik ilmiy muassasalarni universitetlar ixtiyoriga berish va hamkorlikda foydalaniladigan oliy o‘quv yurtlariaro zamonaviy ilmiy laboratoriya majmualarini tuzish hisobidan oliy o‘quv yurtlarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash va innovatsion faoliyatga asoslangan o‘quv jarayonini integratsiyalashtirish hozirgi bosqichda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishda yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga jalb etish muhim o‘rin egallaydi. Budjet, homiylik va xayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilgani aynan shundan dalolat beradi. O‘tgan davr mobaynida ushbu fond mablag‘lari hisobidan qariyb 1500 ta eng zamonaviy, barcha yoshlar foydalanishi mumkin bo‘lgan bolalar sporti obyekti barpo etildi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi deyarli har bir maktab, kollej va litsey ochiq sport maydonchalari qatorida zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan yopiq sport zallari va suzish havzalariga egadir.
Yurtimizda uch bosqichdan iborat, har yili o‘tkaziladigan, maktab o‘quvchilari uchun alohida, kasb-hunar kolleji va akademik litsey o‘quvchilari uchun alohida bellashuvlarni, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Universiadani o‘z ichiga olgan yaxlit sport musobaqalari tizimi shakllangan. Bunday tizim yuz minglab farzandlarimizni, yigit va qizlarni ommaviy ravishda jismoniy sog‘lomlashtirish va sport harakatiga jalb etish imkonini bermoqda.
Mutaxassislarni tayyorlash sifati va ularning real iqtisodiyotda talab etilishi masalalari bizning doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.
Dastur doirasida kollejlar, litsey va oliy o‘quv yurtlari uchun o‘qituvchilar va domlalar tarkibini tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini qayta tashkil etish, avvalo, o‘quv-uslubiy bazani butunlay qayta ko‘rib chiqish va zamonaviy talablarga javob beradigan yangi standartlar, darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tasdiqlash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. Ta’lim sohasi xodimlari faoliyatini baholash va rag‘batlantirish mezonlari tubdan o‘zgartirildi.
Masalan, keyingi o‘n yilda kasb-hunar kollejlari, litsey va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari ish haqining o‘sish sur’atlari iqtisodiyotning real sohasidagi ish haqi miqdoridan taxminan 1,5 barobar ko‘p o‘sdi.
Umuman, O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh etishga yo‘naltirilayotgan yillik xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etayotgani va bu tizimning Davlat budjeti xarajatlaridagi ulushi 35 foizdan ortiqni tashkil etishi o‘z-o‘zidan mazkur sohaga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yaqqol tasdig‘i hisoblanadi.
Mamlakatimizda 1996 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, har yili 1 oktabr sanasi O‘qituvchilar va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelayotgani har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalashda pedagoglar mehnatining roli va ahamiyati jamoatchiligimiz tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan xorijiy texnik yordam hajmining tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. O‘tgan davrda bu boradagi yordam 500 million dollardan oshib ketdi. Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, Osiyo taraqqiyot bankining salkam 290 million dollar mablag‘i, Janubiy Koreya hukumatining 110 milliondan ortiq, Jahon bankining 33 million, OPEK fondi, Saudiya fondi, Islom taraqqiyot bankining 42 million, Germaniya hukumatining "KfV” banki orqali yo‘naltirilgan qariyb 20 million va boshqa donorlarning 100 million dollardan ortiq yordamini qayd etish lozim.
Mana shu yuksak minbardan turib, biz uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu vazifani hal etishda bizni qo‘llab-quvvatlab, beqiyos yordam ko‘rsatib kelayotganliklari uchun xalqaro moliya tashkilotlari va banklariga, barcha chet ellik sheriklarimiz, xorijiy mamlakatlar hukumatlariga samimiy minnatdorlik bildirish menga katta mamnuniyat yetkazadi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
O‘zbekistonda qabul qilingan Ta’lim sohasini isloh etish va malakali kadrlar tayyorlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘tgan davrda bajarilgan ishlarni bugun qandaydir o‘lchov va raqamlar bilan baholash juda qiyin, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Shu bilan birga, bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, yana bir jihatni nazarda tutishimiz lozim. Ya’ni, bizning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Dastur – bu boshqa modellarni qandaydir takrorlash yoki ulardan nusxa ko‘chirish emas, aksincha, birinchi navbatda, rivojlangan demokratik davlatlarda to‘plangan tajribani o‘zida mujassam etgan va ayni paytda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan dasturdir.
Bu borada yana shuni ham hisobga olish zarurki, qadimiy O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida fan va ma’rifat o‘chog‘i, jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lib kelgan, ilmu ma’rifatga intilib yashash esa xalqimiz mentalitetining ajralmas qismiga aylanib ketgan. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk ajdodlarimiz butun dunyoda o‘zlarining matematika, astronomiya, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya va tibbiyot sohalaridagi tengsiz kashfiyotlari bilan shuhrat qozonganlar.
Biz rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan zamonaviy davlat qurish yo‘liga qadam qo‘yib, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchillik bilan o‘tishni ta’minlar ekanmiz, faqat milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi zaruratini teran anglaydigan, zamonaviy bilimlarni, intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalarni egallagan insonlargina o‘z oldimizga qo‘ygan strategik taraqqiyot maqsadlariga erishishi mumkin ekanini hamisha o‘zimizga yaxshi tasavvur etib kelmoqdamiz.
Ta’lim tizimini tubdan isloh etish odamlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini o‘zgartirish, ularning siyosiy va grajdanlik faolligini, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchini oshirishning eng muhim omili va mustahkam asosiga aylandi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Bizning yangi avlodimiz, bilimli, o‘tmishning har qanday illatlaridan ozod bo‘lgan yoshlarimiz bugungi kunda mamlakatimizni demokratlashtirish va liberallashtirish, uni yangilash va ishonchli tarzda ravnaq toptirishning hal qiluvchi harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda.
Shu borada o‘tgan davr mobaynida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 2 million 300 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz bitirib chiqqani, joriy yilda esa 500 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rta toifadagi mutaxassis diplomini olib, o‘qishni tamomlashini aytib o‘tish kifoya, deb o‘ylayman. Bu yoshlar nafaqat iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishning, ayni vaqtda mamlakatimiz kadrlar tarkibini sifat jihatidan yangilashning qudratli omili hisoblanadi.
Nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlarning baholariga ko‘ra, O‘zbekiston hali-beri davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramasdan, o‘tgan besh yil davomida 8,5 foizdan kam bo‘lmagan barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. 2000 yil bilan solishtirganda, yalpi ichki mahsulotning ko‘payishi 2,1 barobarni tashkil etdi. Joriy hisob-kitoblarning profitsiti, tashqi qarzning pastligi va valuta zaxiralarining yetarli darajada bo‘lishi ta’minlanmoqda, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda o‘sishi bashorat qilinmoqda.
Shuni qayd etish lozimki, bunday sur’atlar, birinchi navbatda, tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, yuksak texnologiyalarga asoslangan yangi korxona va ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hisobidan ta’minlanmoqda.
Agar o‘tgan o‘n yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 80 milliard dollar hajmidagi kapital qo‘yilmalar yo‘naltirilgan bo‘lsa, ularning 23 milliard dollardan ziyodi yoki 30 foizini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi. Chet el investitsiyalarining 2012 yildagi o‘sishi 16 foizni tashkil etishi, ularning 70 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga xorijiy kapitalning qiziqishi va eng muhimi, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbollariga bo‘lgan ishonchning tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yuqorida bayon qilingan fikrlarni yakunlagan holda, O‘zbekiston tarixiy mezonlarga ko‘ra qisqa muddat bo‘lgan 15-20 yil davomida bizning bosh maqsadimiz – dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish va mamlakatimiz aholisi uchun munosib hayot sharoiti va sifatini yaratish yo‘lida g‘oyat ulkan qadam qo‘ydi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Va bu bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.
Qadrli do‘stlar!
Mazkur anjumanda muhokama qilish uchun taklif etilgan, iqtisodiyotni izchil va barqaror taraqqiy ettirishning eng muhim sharti bo‘lgan ta’lim tizimini isloh etish masalalari insoniyatning buyuk mutafakkirlarini doimo o‘ylantirib kelgan vazifa – har tomonlama uyg‘un rivojlangan barkamol shaxsni shakllantirishning ko‘p qirrali va keng qamrovli muammolarining barcha jihatlarini hech bir darajada to‘liq qamrab olishi mumkin emasligini biz albatta yaxshi tushunamiz.
Ikkinchidan, muayyan bir mamlakat doirasidagi ta’lim jarayonini isloh etishning har qaysi modeli universal darajaga ko‘tarilishga da’vo qilishi mumkin emas. O‘zbekistonda Ta’lim tizimini isloh etish dasturini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan barcha ishlar birinchi navbatda mamlakatimizning uzoq muddatli manfaatlariga, uning hozirgi ancha murakkab rivojlanish bosqichining mavjud holati va xususiyatlariga javob beradi.
Shuning uchun ham konferensiya qatnashchilari tomonidan yalpi yig‘ilish va seksiya majlislarida, boshqa mamlakatlarda to‘plangan qimmatli tajribalarni hisobga olgan holda, bildiriladigan fikr-mulohaza va takliflar biz uchun g‘oyat muhimdir.
O‘zbekiston mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning tegishli oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlamoqchiman. Biz mazkur forumning asosiy maqsadlaridan birini ham aynan shunda ko‘ramiz.
So‘zimning nihoyasida bir taklifni bildirmoqchiman. Qani endi, bunday uchrashuv va anjumanlar tez-tez o‘tkazilib tursa. Biz sizlarning barchangizni Toshkentda, nafaqat Toshkentda, balki qadimiy tarix va sivilizatsiya beshiklari bo‘lgan Samarqand, Buxoro, Xiva singari shaharlarimizda ko‘rishdan xursandmiz.
Shu imkoniyatdan foydalanib, siz muhtaram mehmonlarimizga, barcha konferensiya qatnashchilariga yana bir bor o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va samimiy minnatdorligimni bildirishga ruxsat etgaysiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.
So‘nggi yangiliklar:
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Samarqandni ziyorat qildilar
Fotogalereya: Toshkentda 17-fevral kuni "Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kurodaning "Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqi
O‘zbekiston yoshlari yuksak ma’naviyati va madaniyati bilan barchani lol qoldiradi
Barkamol avlod – mamlakatimizni rivojlantirishda hal qiluvchi kuch
Views: 2058 | Added by: hamidziyo | Rating: 0.0/0
Total comments: 0
Only registered users can add comments.
[ Sign Up | Login ]
Qidiruv
Kalendar
«  Fevral 2012  »
yakDuSeChorPayJuShan
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
26272829